Get Mystery Box with random crypto!

AMIR TEMUR VA ISLOM. (1-Qism)   Dunyodagi boshqa yurtlar qator | Amir Temur va tarix📝

AMIR TEMUR VA ISLOM. (1-Qism)
 
Dunyodagi boshqa yurtlar qatori ko‘hna Movarounnahr tuprog‘ida ham qanchadan qancha hokimlar, podshohlar o‘tgan. Bu yurtda hukmronlik qilgan podshohlarning asli tub aholidan bo‘lganlari ichida Sohibqiron Amir Temurdek zabardasti, shuhratlisi, keng va qudratli, ko‘rkam va davomli davlatga ega bo‘lgani yo‘q. Shuningdek, Amir Temurdek nohaq ravishda ko‘p tanqidga uchragani, orqasidan so‘kish eshitgani, turli salbiy sifatlar bilan sifatlangani ham bo‘lmasa kerak. Ushbu maqolada biz u kishining keng va qudratli hamda ko‘rkam va davomli davlat sohibi bo‘lishining ba’zi sabablari haqida to‘xtalmoqchimiz.
Asosiy maqsadga o‘tishdan avval qisqacha bo‘lsa-da, turli salbiy sifatlari bilan sifatlanishiga sabab bo‘lgan ba’zi omillar haqida fikr bildiraylik. Avvalo, shuni aytish kerak-ki, Amir Temur o‘z zamonasining odami bo‘lgan, o‘sha vaqtdagi hukm uchun kurashganlar o‘ylagan o‘ylarini o‘ylagan, aytgan gaplarini aytgan, qilgan ishlarini qilgan.
Qisqa qilib aytganda o‘zi yashagan zamon taomiliga ko‘ra ish ko‘rgan. Ehtimol, ushbu taomilda boshqalardan ustun bo‘lgani uchun ko‘pchilik zamondosh podshohlar ustidan g‘olib kelgandir. Hamma urush qilganidek, Amir Temur ham urush qilgan, lekin urushni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq qilgani uchun ko‘proq g‘alabaga erishgan. Amir Temur ham boshqa podshohlarga o‘xshab, o‘ziga qarshi ko‘tarilgan isyonlarni shafqatsiz ravishda bostirgan, bu ishda balki boshqalardan ko‘ra qattiqqo‘lroq bo‘lgandir. Amir Temurning boshqa tasarrufotlarini ham shunga taqqoslab chiqish mumkin. Lekin, nima uchun boshqalardan ko‘ra Amir Temur ko‘proq tanqid qilingan? Nima uchun uni dunyodagi eng vahshiy, eng qonxo‘r, eng zolim podshohlardan biri sifatida ta’rif qilib kelingan? Albatta, bunday bo‘lishining o‘ziga yarasha omillari bor. Ehtimol tarixchilarimiz bu savollarga atroflicha javob berarlar.
Bizningcha, bunday bo‘lishining sabablaridan biri - Amir Temurning arab yerlariga qilgan yurishlari hamda Usmonli turk sultoni Boyazid Yildirimni yengib, asir olishidir. O‘sha davrda bu ikki taraf, ya’ni arablar va usmonli turklar o‘ziga xos tashviqot markazlari bo‘lib, dunyoga xohlagan fikrlarini yoyish, targ‘ibot qilish imkoniga ega bo‘lganlar. Amir Temurdan zarba yegan bu ikki taraf uni madh eta olmasliklari tabiiy edi. Shuning uchun ham arab va usmonli turk tarixchilari o‘sha qadim zamonlardan tortib hozirgacha Amir Temurni so‘kib, tanqid qilib turli salbiy sifatlar bilan sifatlab kelmoqdalar. Ushbu ikki tarafning o‘sha paytlardagi fikriy dunyoda tutgan o‘rni va roli juda ham katta edi. Aynan shu omil dunyoda Amir Temur haqida salbiy fikrlarni keng tarqatishga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘lsa ajab ermas. Adolat yuzasidan aytish lozimki, turk tarixchilari oxirgi davrda bu ishga ancha chek qo‘ydilar.
Ovrupodagi buyuk uyg‘onishdan keyin sharq hamma narsada g‘arbga qaram bo‘la boshladi. Har bir narsada g‘arbning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladigan bo‘ldi. Harbiy, siyosiy ustunlik samarasi o‘laroq madaniy va ilmiy sohada ham Ovrupo ustunligi boshlandi. Jahongir Amir Temurning yurti Movarounnahr Rus istilosi ostida qoldi. Rus istilosi o‘z qo‘l ostidagi yurtlarni past, xalqlarni qoloq hisoblash asosida ish olib bordi. Ruslar hech qachon, biz kechagina hech gap emas edik, endi safga qo‘shilib qoldik, deya olmas edilar. Balki, o‘z mustamlakasi bo‘lganlarga, siz hech kim emassiz, biz sizlarga ilm-ma’rifat, fan-madaniyat o‘rgatgani keldik, deyishardi. Ular bu da’volarining puch ekanligini yashirish maqsadida tarixni buzib ko‘rsatishga zo‘r berar edilar. O‘z navbatida bu ish, Movarounnahrning islomiy tarixini buzishga, soxtalashtirib, qoloq qilib ko‘rsatishga harakat qilishardi.
Davomi bor...
══════════════
: @Djumaev_Shamsiddin
: @Amir_Temur_mp3     
══════════════