Get Mystery Box with random crypto!

Bugun nodavlat telekanallar vakillari bilan navbatdagi uchrash | Komil Allamjonov

Bugun nodavlat telekanallar vakillari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘ldi. Unda so‘z erkinligi, milliy kontent va bolalar uchun sifatli media mahsulotlarni yaratish masalalarini muhokama qildik. Shu o‘rinda Prezidentimizning matbuot va so‘z erkinligi borasidagi pozitsiyalari juda qat’iyligi, ochiqlik siyosatisiz taraqqiyotga erishish qiyinligi yana bir bor ta’kidlandi.

Albatta, muammolar ko‘p. Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda o‘zgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal bo‘lishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot o‘rniga xaos paydo bo‘lishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Afsuski, bunday holatlar bo‘ldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham ta’sir qildi deb o‘ylayman.

Rivojlanish hech qachon silliq bo‘lmaydi. O‘yin qoidasi aniq-ravshan va hamma uchun teng bo‘lsagina, rivojlanish bo‘ladi. So‘z erkinligi – bu barchaning huquqi. Matbuotning ham, unda aks ettirilayotgan shaxslarning ham. Shu muvozanatni ushlash muhim. Demak, ortga yo‘l yo‘q – bu aniq. Faqat oldinga. Oldinga – huquq, me’yor va qonun doirasida, oldinga.

Hali yana ko‘p muammolar bo‘lishi mumkin va bu tabiiy. Lekin bu muammolar biz boshlagan islohotlarga soya solmasligi kerak. Chunki bugungi davrda matbuot – nafaqat ko‘zgu, balki mudofa, xavfsizlik masala darajasidagi institutdir.