Get Mystery Box with random crypto!

Bugun talabalikni boshlagan uka va singillarimizga murojaat. | Allaev Uz

Bugun talabalikni boshlagan uka va singillarimizga murojaat.


Avvalo seni talaba boʻlganing bilan tabriklayman. Bu sening yoshingda har oʻn kishidan nari borsa ikkitasiga nasib qildi. Bu ham bir omad. Bilaman, seni oʻquv markazlari, maktablar talaba boʻlish uchun tayyorlashgan. Goʻyoki hayotdan maqsad talaba boʻlish.

Lekin, bilginki bu yakun emas, aksincha katta yoʻlning boshlanishidir. Sen endi voyaga yetgan alohida mustaqil shaxssan. Bundan bu yogʻiga hayotingni qanaqa qilib qurish senga bogʻliq boʻladi. Shu uchun ham keyingi toʻrt yil yoki yillar uchun senga bir necha maslahatni bermoqchi edim.

Birinchisi, bilginki bizda Universitet seni professional hayotga tarbiyalamaydi. Asosiy vazifasi kadr yetkazish boʻlsa-da, bugun oliy taʼlim kadr yetkazishdan boshqa hamma narsa bilan shugʻullanadi. Shu uchun ham sen keyingi 4 yilni Universitetda yaxshi baho olish uchun emas, tanlagan sohangda professional boʻlish uchun sarflagin.

Oʻzbekistonda oʻqishga kirolmagan yoshni hayot qozoniga otib yuborishadi. U uylanishi yoki erga tegishi, tezroq ish topishi, topolmasa Rossiya ketishi kerak. Natijada hali endi 25ga kirgan yosh qalban 40 yoshga yetgan oilalik odam boʻladi. Sen boʻlsa 4 yil bonus yutding. Senda shu 4 yilni shaxs sifatida oʻsishga sarflash imkoni bor. Undan tashqari 4 yil seni maʼlum xarajatlaringni ota-ona toʻlab beradi. Shu 4 yildan foydalanib qol.

Oʻzbekistonda hozir professional kadrlar jiddiy muammoga aylandi. Hamma sohada oʻz ishini zoʻr bilgan professionallar yetishmayapti. Natijada haqiqiy professionallar maoshi ham keskin oshib bormoqda. Sen boʻlsa oʻz sohangda professional boʻlishga harakat qil. Universitet seni professional qilishini kutma. Universitet nari borsa sendan soʻzsiz bo'yin egadigan navbatdagi ijrochini chiqarishi mumkin. U berayotgan taʼlim boʻlsa aksar hollarda ishga umuman aloqasi yoʻq. Shu uchun ham keyingi yillarda oʻz sohangdagi professional kitoblarni birma-bir oʻqib chiq, oʻz sohangning professionallari boʻlgan blogerlarni kuzat, sohangdagi Youtubeda qoʻyilgan videolar qolmasin, Googleda sohang boʻyicha koʻrib chiqilmagan maqola qolmasin. Imkoning yetsa, oʻz sohangda eng zoʻr boʻlgan kompaniyalarga borib praktika qilgin. Amaliyot seni har tomondan professional hayotga tayyorlaydi. Koʻpincha, seni rad etishlari yoki umuman ignor qilishlari mumkin. Sen eʼtibor berma, oʻzing uchun kurash. Hozir sening birinchi vazifang shaxs sifatida yuksalishdir.


Shaxs sifatida yuksalishni boʻlsa ertaga qoldirma. Sen bugun yuksalishing kerak. Bugunni yoki mana shu yillarni senga shu uchun berishdi. Sohangda xalqaro darajada mutaxassis boʻlish uchun til oʻrganishga majbursan. Afsuski, haqiqiy professional adabiyotlar, darslar oʻzbek tiliga tarjima qilinmaydi va buni kutmagan ham maʼqul. Shu uchun ham ingliz tilini zoʻr oʻrgan, unda erkin gapiradigan, erkin tushunadigan va erkin yozadigan darajaga tezroq chiqib ol. Kelajaging uchun bu zarur. Sen chet tilini bilishga majbursan. Yaxshi yashamoqchimisan, boshqa tanloving yoʻq.

Yaxshi insonlar bilan doʻst boʻl. Tanish-bilish va netvorkingni butun dunyoda foydasi katta. Shu uchun ham yaxshi insonlar bilan doʻst tutin, ulardan oʻrgan, ular bilan birga boʻl. Talabalikda orttirgan tanishlar butun umr senga kerak boʻladi.


Muhimi gazini bos, seni 25-27 yoshgacha qiladigan harakatlaring qolgan umring qanaqa boʻlishini aniqlab beradi. Oʻsha yoshgacha dunyoqarash shakllanib, professionalga aylanib olsang, seni tabriklayman. Undan keyin oʻrganishing, oʻqishing va shakllanishing qiyin boʻladi.

Oxirgi kichik maslahat, turmush qurishga shoshilma. Bu savolni 25 yoshdan keyin ham yechaverasan.


Shu yo'ldan o'tgan akang,
Firuz Allayev


@allaevuzb