Get Mystery Box with random crypto!

Behzod qo’ygan savolga javob balki “ha”, balki “yo’q”, bilmaym | Allaev Uz

Behzod qo’ygan savolga javob balki “ha”, balki “yo’q”, bilmayman, lekin ikkala holda ham unga kimdir to’lashi kerak, aksariyat holda barchamiz. Qo'shimcha qiladigan bo'lsam, maktab darsligi ta’rifi bo’yicha ota-onalarga “tekin” bo’la olmasligini eslash joiz. Qaysi ma’noda? Nafaqat farzandi bor ota-ona, balki istalgan soliq to’lovchi maktab darsligiga davlat sarflaydigan mablag’larning “umumiy qozoniga” pul yig’adilar, tranzaksiyada bevosita qatnashmasalar ham. Shu tarzda, ta’limni (o'qituvchi maoshi, yoqilgan chiroq, parta vhkz) farzandi bo’lmaganlar ham bilvosita moliyalashtiradilar. Masalan, o’rtacha soliq to’lovchining 100 so’midan taxminan 30 so’mi ta’limga ketadi desak katta adashmagan bo’lamiz. Shuning uchun, bu mavzu nafaqat pul tranzaksiyasi paytida, balki umumiy qozondagi pul taqsimlanayotganda va sarhisobi paytida ham yuzaga chiqishi kerak.

Darsliklar mavzusidan biroz chetga chiqadigan bo’lsam, Behzod aytayotgan maydonga ko’chgan ushbu mulohazalar va tortishuvlarning natijasida men umid qilaman - "bepul ta’lim" degan tushuncha umuman yo’q bo’lib ketadi. To’g’ri, bosh qomusimizda bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlangan. Lekin, u chinakamika bepul emas-da. De fakto hech narsa o'zgarmasa ham, tabiiy jarayonlar orqali “bu davlatning bepul ta’limi” degan iborasi “bu mening soliqlarimning natijasi” degan iboraga almashib qolishini nazarda tutyabman. Davlatning o’z puli bo’lmaganidek va pul havodan paydo bo’lmaganidek ta’limni, boshqa jamoat tovarlari (mudofaa, parklar) kabi, soliq to’lovchilar o’zlari uchun o’zlari moliyalashtiradilar. Parlamentdagi vakillar va ijro hokimiyati xizmatlari yordamida.

Bog’ga ko’chat ekish, maktabga doska sotib olish, ko’chaga asfalt qilish, mudofaa uchun raketa sotib olish jarayonlarida/tranzaksiya paytida iste’molchilar pulni cho’ntagidan chiqarib bermaganligi natijasida "bu tekinga kelibdi” degan tushunchadan qancha tez yiroqlashsalar va o’sha xarajatlarni aslida o’zlari bilvosita moliylashtirishlarini anglasalar, ular o’sha xarajatlarning taqsimoti, qayerga, kimga va necha pul ketayotgani bilan qiziqishni, talab qilishni boshlaydilar. Davlat xarajatlari, tenderlar fuqarolar tomonidan yanada qattiqroq nazoratda bo’ladi, hokimiyat shaffofligi, jurnalistik va deputatlik so’rovlari, parlamentdagi tortishuvlar ko'payadi, saylangan deputatlar o'z ovozini bergan fuqarolar tomonidan tazyiqda bo'ladi. Bular uzoq kelajakdagi emas, yaqin kelajakdagi O’zbekiston ekanligiga umidim bor. Ungacha, bu davlatning puliga kelgan, davlat to’lab qo’ygan, davlatning hisobiga qilingan degan gaplarga tuzatish kiritib aslida soliq to'lovchilarniki ekanligini eslab ketish zarar qilmaydi.

@uzbekonomics