Get Mystery Box with random crypto!

Bolaga yoshligidanoq bir necha tillarni o'rgatish haqida Bila | Ali Zairov | Blog

Bolaga yoshligidanoq bir necha tillarni o'rgatish haqida

Bilasizmi, bolam bilan qayerga borsak, doim mendan shu haqda so'rashadi. Meni taniganlar ko'pchilik bilishadi, farzandimga ingliz tilida gapiraman. Yosh onalar menga havas bilan qarashsa, kattalar darrov tanqid qilishni boshlashadi. "Bolaga birinchi bo'lib o'zbekchani o'rgatish kerak. Bir jiyanim Amerikada faqat inglizcha gapiraverib, bizni tilni umuman tushunmaydigan bo'lib qolgan. Tarbiyasi ham buzilib ketgan. Bolani qiynamaslik kerak. Bizni davrimizda bolalar o'zi yumalab katta bo'lib qolishgan. Hozir ingliz tiliniyam, rus tiliniyam o'rganyapti. Siz kitoblardan gapirmay, haqiqiy hayotiy tajribamga amal qiling", degan gaplarni tamg'alay boshlashadi.

Tushuning, insonlar doim yangiliklar qilishadi, hayot davom etadi. Shunday paytda, bunaqa opaxonlarga "O'zingiz hayotiy tajribangiz bilan nimaga erishdingiz?", degim keladi. Bolasi esa repetitorga qatnab, shundoq ham maktabda o'rgatilishi kerak bo'lgan narsani ortiqcha pul sarflab o'qib yuribdi. Shumi hayotiy tajriba?!

Bola hech qachon til o'rganib qiynalib qolmaydi. Mana shu narsani kattalar tushunishmaydi. Bunday stereotiplar bilan, bolani qobiliyatiga o'zlari shubha solib qo'yishadi. Yoshligidan tili chiqayotgan bola, o'ziga qaysi til ona tili ekanligini faqat ota-onasi va atrofidagilardan eshitib tushuna boshlaydi. Unga bir tilda gapirsa, faqat bittani, ko'p tilda gapirsa, shunga yarashasini o'rganadi.

Chet elda necha yillardan beri sinalgan va o'z tasdig'ini topgan metod bor. "Bir insondan faqat bitta tilda gapirish" uslubi. Ya'ni, bolaga onasi bir tilda gapirsa, otasi boshqa tilda gapirishi kerak. Uyda nechta oila a'zolari bo'lsa, shuncha tillarni qo'llash kerak.

Nega metis oilalarda, yoki yurtimizda yashaydigan boshqa millatli insonlar 2 tadan ortiq tilda gaplasha olishadi? Ko'chalarda rus tilida va arman tilida gaplashib ketayotgan armanlarni, yoki tojik, rus, o'zbek tilida suhbat qilayotgan tojiklarni, qozoqlarning rus, o'zbek, qozoq tillarida, tatarlarning rus, o'zbek, tatar tillarida gapirishini ko'rmaganmisiz? Ular bolaligidanoq uyida eshitgan tillarini o'rganib katta bo'lishgan. Bunday insonlar yoshligida til o'rganib qiynalib ketganini hech tasavvur qila olmayman. Ochig'ini aytsam, bunday ko'p tilli millat egalariga tanqidlar deyarli bo'lavermaydi. Ammo o'zbek odam o'z bolasiga rus, yoki ingliz tilida gapirsa, darrov ta'na-dashnomlar yog'ila boshlaydi.

Ko'p til bilishning eng foydali tarafini aytaymi? Inson bir tildan boshqa tilga o'tayotganida, undagi ovoz tonlari, gapirish ohangi va fikrlashi ham shu tilga moslab o'zgaradi. Bu esa boladagi dunyoqarashni kengaytirishga hissa qo'shadi.

Qo'shnilarning farzandlari bilan o'zimnikini doim solishtiraman. Boshqa bolachalar yig'loqi, birovning o'yinchog'ini talashadigan, baqirib urushmaguncha gapga kirmaydiganlar toifasidan. Qizig'i shundaki, turli oilalarda o'sib kelayotgan bo'lsa ham, hammasi bir xil. O'zimni bolamni maqtash niyatim yo'q, shunchaki men qo'llayotgan uslubning natijasi borligini tushuntirmoqchiman. O'g'lim Akbar hech qachon birovni qo'lidagi o'yinchoq uchun talashmaydi. Janjal qilayotgan bolani kuzatib turadi, miyasida qandaydir fikrlar o'tadi. U buni tahlil qilib, o'zi uchun qandaydir xulosalar yasay boshlaydi.

Shuning uchun ko'p til o'rgatilayotgan bolaning miyasi yaxshiroq rivojlanadi. Farzandimga qaynona va qaynotam tojikcha, o'zimning ota-onam o'zbekcha, singillarim esa rus tilida gapirishadi. Otasi InshaAlloh arab tilini o'rgatishlarini chin dildan niyat qilib yuribman.

Sizlar nima deb o'ylaysizlar, bolaga bunday metodni qo'llash yaxshimi, yoki yomonmi?