Get Mystery Box with random crypto!

​​“Milliy tiklanish” DP “Gʻuncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi”, “ | Alisher Qodirov

​​“Milliy tiklanish” DP “Gʻuncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi”, “Bolalar sporti” va “Klass” bolalar nashrlari bilan birgalikda maktab oʻquvchilari orasida insholar tanlovi oʻtkazdik.

Adiblar, muharrir va yoshlar tashkilotining faollaridan iborat nufuzli komissiya tomonidan 2 oy ichida kelib tushgan 7 mingdan ziyod insholardan 32 tasini eng saralari sifatida tanlab olindi.

32 nafar gʻoliblarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tabrikladik.

Tadbir boʻyicha xulosalarim:

Ijobiy jihatlari:
- ishtirokchilarning 80 foizi qizlarimiz. Demak, millatning umidbaxsh tafakkurli ayollari yetilmoqda;

- eng yosh ishtirokchi, Yunusobod tumanidagi 274-sonli maktabni 3-sinf oʻquvchisi Hulkaroy jadidchi bobolar haqida ajoyib mushohada qilgan, juda taʼsirlandim;

- Buxoro viloyati maktab oʻquvchilari eng faol ishtirok etishdi va 9 nafar oʻquvchi gʻolib boʻldi;

-bu tanlov har yili Ustozlar kunida oʻtkaziladigan anʼanaviy tanlovga aylantiriladi.

Salbiy jihatlari:
- bexato yozish biz uchun yot masala boʻlib ulgurgan;

- 300 ga yaqin insho ochiqchasiga koʻchirilgan va tasodifni qarangki, asosan korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusi tanlangan;

- Ustozlar va jadidlar haqidagi mavzu eng kam tanlangan. Bolalarimiz uchun namunalar yaratishda oqsayapmiz, menimcha;

- Prezident va Iqtidorli bolalar maktablaridan ishtirok juda kam boʻldi. Bolalarimiz ijtimoiy masalalarda faol boʻlishlari kerak. Taraqqiyot uchun faqat bilimli emas, masʼul, faol va daxldorlar ham juda zarur;

- maktabda oʻqish, yozish bilan birga jamiyatga daxldorlik hissini shakllantirishda muhim oʻrni boʻlgan bolalar nashrlarini yoʻq boʻlib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Tadbir asosida taklif tugʻildi. Gʻoliblari Mustaqillik yoki Ustozlar kuni arafasida eʼlon qilinadigan, 40 yoshgacha boʻlgan barcha ishtirok etadigan Respublika insholar tanlovi tashkil qilinsa.

Dunyo kutubxonalariga sayohat, oliygohlar yoki nufuzli oʻquv kurslari uchun toʻlov, xorijga 3 oylik til oʻrganish safarlari va shunga oʻxshash inson kapitaliga sarmoyalar bilan taqdirlanadigan anʼanaviy tanlovchalik maʼrifat va madaniyatni targʻib qilish boʻlmasa kerak…

Faqat oʻqigan yoza oladi. Faqat yoza oladiganlar koʻra oladi, oʻzgara oladi va atrofini oʻzgartira oladi.

@alisherQodir