Get Mystery Box with random crypto!

Kecha Islom akademiyasida boʻlib oʻtayotgan imom-xatiblarning | Alisher Qodirov

Kecha Islom akademiyasida boʻlib oʻtayotgan imom-xatiblarning malaka oshirish kurslarida ishtirok etdim. Yorugʻ yuzli, mukarram insonlar.

Pokistonda umrining soʻnggi kunlarini oʻtkazgan, Karachi universitetining fozil ulamolaridan hisoblangan vatandoshimiz Aʼzam Xoshimiy “Alvido Vatan” deb nomlanuvchi kichikkina xotiralarida vatanimiz istilosining ilk davrlari haqida koʻplab faktlarni yozgan.

Diqqatimni tortgan narsa shu boʻldi-ki, istilochilar tomonidan ilk kunlardan boshlab nafaqat imom-xatiblar, balki masjidlarga yaqin kelganlarning barchasi ayovsiz yoʻq qilingan. Yoʻq qilish bilan bir qatorda turli boʻhton va tuhmatlar bilan ularni qora qilish uchun tizimli targʻibot-tashviqot ishlari ham olib borilgan.

Bu gʻoyaviy qurolning taʼsiri, oʻsha davrlarda eʼtiqodi mustahkamligi uchun shahid ketgan ajdodlarimizda koʻrinmagandir, lekin bugun birovning haqi, toʻgʻri soʻz, hayo va xulq kabi tushunchalarga istehzo bilan qaraydigan, iymon-eʼtiqoddan gapirsang, eshak arava bilan koʻp xotinlikdan gapiradiganlar jamiyatimizning sezilarli qatlamida yaqqol koʻrinadi.

"Xalqni ruhini oʻldirmoqchi boʻlsang uning ruhoniylarini oʻldir", degan istilochilar shiori bekorga emasligiga yana bir bor amin boʻldim.

Oʻzi-yu oʻzgani ayamasdan zararlayotgan, nafrat va hasadni hayotiy zaruratga aylantirib qoʻygan tarbiya tizimimiz jiddiy jarohatdan qutulishi kerak!

Taʼlim-tarbiyaning fidoyilari boʻlgan muallimlar qatorida, maʼnaviyat pedagoglari - imom-xatiblarimizning ham bu masʼuliyatni anglayotganlaridan xotirjam boʻldim.

Yaratgan xalqimiz va vatanimizni oʻz panohida asrasin.

@alisherQodir