Get Mystery Box with random crypto!

Dunyodagi murakkab vaziyat barcha uchun birdek xavotirli. #SC | Alisher Qodirov

Dunyodagi murakkab vaziyat barcha uchun birdek xavotirli.

#SCO2022Samarkand

Insoniyat millionlab qurbonlar evaziga erishgan muvozanatini haqligidan shubha qilmayotgan yirik davlatlar oʻz manfaatlari yoʻlida “oʻyin qilayotgan” bir vaqtda, 15 ta davlat va 10 dan ortiq xalqaro tashkilot rahbarlari jam boʻladigan SHHTning Samarqand sammiti muhim xulosalar uchun imkoniyatga aylanishi kutilmoqda.

SHHT Oʻzbekiston raisligi davrida, katta yoki kichikligiga qaramasdan, teng va manfaatli hamkorlikdan manfaatdor boʻlgan dunyoning yarmini jamlab, koʻplab davlatlar uchun ham jozibali tashkilotga aylangani eʼtirof etilmoqda.

Ushbu eʼtiroflar bilan birga, tinchimas urush mafkurachilari tomonidan Samarqand sammiti qarshi koalitsiyani shakllantirishi mumkinligi haqidagi “bashorat”lar paydo boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidentining maqsadi batafsil yoritilgan, tinchlik va barqarorlik, oʻzaro manfaatli iqtisodiy va siyosiy ustuvorliklarni Samarqand ruhida umumlashtirgan takliflaridan iborat Samarqand sammiti haqidagi maqolasi oʻz vaqtida eʼlon qilindi va koʻplab taxminlarga javob boʻldi.

Dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Bugungi reallik qanchalar mustahkam va kuchli boʻlmasin, hech kim yakka holda barqaror jamiyat qura olmasligini koʻrsatib berdi. Yaqin tarixda shunday xomxayol insoniyatni ikkita lagerga boʻlgan va bir tomonni taraqqiyotdan ortda qolib ketishiga olib kelganini dunyo hamjamiyati unutmagan.

Prezident Sh.Mirziyoyev xalqlarimiz yana boʻlinish va tortishish emas, qitʼalar, mintaqalararo transport yoʻlaklarini ochish, oʻzaro manfaat keltiradigan savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, taraqqiyot yoʻlida hamkorlikni mustahkamlash va madaniyatlararo doʻstona muloqot talab qilayotganini yozmoqda.

Shu nuqtai nazardan, bir necha ming yillik tarixida borlik va yoʻqlikdan sadoqat va xiyonatgacha barchasini koʻrgan Samarqandda, unda mangu qoʻnim topgan, adolatga kuch ishlatish bilan erishib bo’lmasligini vasiyat qilgan Amir Temur vatani Oʻzbekiston zaminida dunyoda tinchlik va barqaror taraqqiyot ruhi tiklanishi kerak. Butun dunyo shunga umid qilmoqda.

@alisherQodir