Get Mystery Box with random crypto!

#Gʻazal Qaro ko‘zum, kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il, Ko‘z | Alisher Navoiy g'azallari va ruboiylari

#Gʻazal

Qaro ko‘zum, kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il,

Ko‘zum qarosida mardum kebi vatan qilg‘il.
 

Yuzing guliga ko‘ngil ravzasin yasa gulshan,

Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.


Takovaringg‘a bag‘ir qonidin hino bog‘la,

Itingga g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.


Firoq tog‘ida topilsa tuprog‘im, ey charx,

Xamir etib, yana ul tog‘da ko‘hkan qilg‘il.


Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngillarni,

Sochingni boshtin-ayog‘ chin ila shikan qilg‘il.


Xazon sipohig‘a, ey bog‘bon, emas moni’,

Bu bog‘ tomida gar ignadin tikan qilg‘il.

 
Yuzida terni ko‘rib o‘lsam, ey rafiq, meni

Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg‘il.
 

Navoiy, anjumane shavq jon aro tuzsang,

Aning boshog‘lig‘ o‘qin sham’i anjuman qilg‘il

Kanalga kirish