Get Mystery Box with random crypto!

Musulmon musulmonning oynasidir Islom aqidasi shudir - Payg‘a | Loyihamiz postdagi kanalda

Musulmon musulmonning oynasidir

Islom aqidasi shudir - Payg‘ambarlar alahhimussalomdan boshqa albatta xato qiladi. Xato qilganda aybini o‘ziga bir martagina aytish bilan musulmonlik vazifangizni - amru ma’rufni qilgan bo‘lasiz.

Kunimizning asosiy tanqid mavzusi domalalarimiz va qorilarimiz bo‘lib qoldi. Nega desangiz xohlagancha tanqid qilinsa ham, na tanqidingizga munosib javob beradilar. Na birorta ularni himoya qiladi. Qonunchilikda ham birorta tanqid yoki haqorat qilgani uchun javobgarlikga tortilmayapti. Qumitamiz ham, Diniy idoramiz ham ularni sudga bermaydi.
Qisqasi domlalarimiz va qorilarimizni haqorat va tanqid qilish tekin bo‘lib qoldi. Hamma xohlaganicha haqora tqilaveradi.

Haqiqatni tan olishimiz kerak. Rostdan ham tanqidga haqlilari oralarida yo‘q emas. Hamma sohada va hamma joyda bo‘lgani kabi bu yerda ham yo‘q emas. Bor, avval ham bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Chunki domlalarimiz Payg‘ambar emaslar, farishta ham emaslar. Xatodan xoli bo‘lishlari mumkin ham emas.

Unda nima qilishimiz kerak!
Birinchi o‘rinda sunnatga amal qilishimiz kerak: sunnat musulmonga musulmon sifatida oyna bo‘lishdir. Oynaning xususiyatlari quyidagicha:
1. Nima aybing bo‘lsa, bo‘rtirmasdan ko‘rsatadi. Mubolag‘a qilmaydi. Qo‘shib-chatib yubormaydi.
2. Aybingni faqat o‘zingga ko‘rsatadi. Dunyoga doston qilmaydi. Boshqalarga ko‘rsatmaydi.
3. Aybing bilan birga yaxshiligingni ham ko‘rsatadi. Faqat aybingni ko‘rsatib turavermaydi.
4. Oynaning qarshisiga o‘tirgandagina ko‘rsatadi. Oyna qarshisida bo‘lmasang ham orqangdan aybingni hammaga ko‘rsatib yubravermaydi.

Biz ham birortada ayb ko‘rsak, xato ko‘rsak sunnatga amal qilaylik. Sunnatga amal qilsakgina najot topamiz. SUnnatga xilof qilsak ikki dunyoda ham yutqozamiz.

Endi o‘zimizning ahvolimizga bir nazar solaylik:
1. Biror ayb sodir bo‘lsa, ayb qolib shaxsiyatni haqorat qilishga o‘tib ketamiz. Bizni qaytarsa qaytarganni ham haqorat qilib tashlaymiz. Birgina aybini ming qilib tashlaymiz.
2. Aybni egasiga isloh qilish uchun aytish o‘rniga butun dunyoga doston qilamiz. Kamiga qayta-qayta tarqataveramiz. Isloh qilish asl ishimiz bo‘lishi kerak edi. Ammo biz tutgan yo‘l bilan inson isloh bo‘lishi mumkin emas.
3. Yaxshiligini tan olish u yoqda tursin, birorta yaxshiligini eslasa og‘ziga uramiz. Himoya qilsa, uni ham haqorat qilishga tushib ketamiz.
4. Aybini o‘ziga-ku aytmadik. Dunyoga doston qilib bo‘ldik. Bu ham yetmagandan qayta-qayta chaynayverish bilan charchamaymiz.

O‘zi bundan maqsadimiz nima? Bu bilan nimaga erishishimiz mumkin? Qilayotgan ishimiz Islomga qanchalik to‘g‘ri keladi?

U kishi xato qilibdi. Lekin uni deb biz ham xato qilishimiz kerakmi? Uni deb biz ham gunohga qo‘l urishimiz kerakmi?

Bir yoki bir nechta xato qilganlarni deb butun domlalarimizni adashganga chiqarishmiz shariatning qaysi qoidasiga to‘g‘ri keladi? Qur’on va sunnatga muvofiq kelaidmi?

"Bular Qur’onni tahrif qilayapti, shu sababdan kofir" deyishgacha boradiganlar kun sayin ko‘payib bormayaptimi?

Muammo yo‘q emas, bor! Ammo muammo faqat diniy sohadami? Yechim esa men yoki sizdami?

Keling, yaxshisi sunnatga qaytaylik. Xato qilganni ko‘rsak o‘ziga aytaylik va mas’uliyatni bo‘ynimizdan soqit qilaylik. Malomat va haqoratdan uzoq turaylik.

Eng muhimi o‘zimizning vazifamizni haqqi bilan ado qilaylik. Qiyomat kuni Robbim "nega falonchini tanqid qilmading, malomatu haqorat qilmading", deb so‘ramaydi. Balki o‘zimiz mas’ul bo‘lgan narsalardan albatta so‘raydi. Shunday ekan mas’uliyatimizni go‘zal tarzda ado qilaylik. Ana shunda hammasi isloh topadi. Oradagi dilxiraliklar, haqoratlar kamayadi.

| Muhammad Odil

Manfa’atli deb bilsangiz, yaqinlaringiz bilan ham ulashing
@Al_Tafkir  ilm yo'lidagi hamrohingiz.