Get Mystery Box with random crypto!

Aslida hech narsa arzon bo’lishi kerak emas, va hech narsa qim | G'ayratulloh Ahmadjon

Aslida hech narsa arzon bo’lishi kerak emas, va hech narsa qimmat bo’lishi ham kerak emas deb o’ylash foydali. Hamma narsa o’z narxida baholanishi kerak holos. Bo’ldi.

U narx qanday tebranishi esa talab-taklif muvozanatiga bog’liq bo’lsa resurslarni undanda adolatliroq taqsimlaydigan mexanizm insoniyat tarixida o’ylab topilmagan. Shakarmi, ot-poygasi yoki futbol biletimi, elektr energiyasimi, avtomobil yo’lidan harakatlanishmi, shaharda parkovka qilishmi, poyabzalmi, benzinmi umuman ahamiyati yo’q, istalgan kontekstni oling - tovar va xizmatlarga avvaldan qandaydir sun’iy narx belgilangani har doim tanqislikka, ur-to’polon navbatga, adolatsiz taqsimlanishga va eng muhimi buzilgan bozor signallari va rag’batlarga olib keladi.

Qaysi narxga nisbatan qimmat, qaysi narxga nisbatan arzon bo’lishi kerak? Oldindan, qaysidir byurokratning mavhum fantaziyasi yoki tasodifiy raqamlar generatori orqali belgilangan narxdanmi? Qandaydir tovarga talab oshib ketsa va taklif cheklangan bo’lsa narx albatta oshadi - o’sha oshgan narx asl narx. Shartli shamni 1000 so’mdan sotilsin deb cheklov qo’ygan byurokrat bilmaydiki, energiya blekouti bo’lib shamga talab oshib ketganda va taklif yetarli bo’lmaganda qilinishi kerak bo’lgan eng to’g’ri va eng adolatli harakat bu taqchil bo’lgan shamni haqiqatdan ham qo’lga kiritmoqchi bo’lgan iste’molchiga 1000 so’mdan ko’proq to’lashiga yo’l qo’yib berishi. Natijada, shamga muxtoj bo’lgan iste’molchi uni qo’lga kiritadi, narx stabillashadi va bozorda sham taklifi doimo bo’ladi. Ya’ni, talab oshib ketganda shamning narxi 1000 so’m bo’lishi kerak, undan ortig’i bu narx qimmatligini bildiradi deyish noto’g’ri fikr. 

Huddi shu logika futbol chiptasiga ham taaluqli. Masalan, kecha bo’lgan basketbol finali (NBA) chiptasi avvalroq bozorda narxi kamida $1400 edi. Oddiy o’yinlarning boshlang'ich narxi o’sha sektor, o’sha o’rindiq uchun o’rtacha $70 qilib belgilangani bilan barcha katta o’yinlar chiptalari bir xil qiymatga ega degani emasku. Finalga hamma borgisi keladi, basketbolning b-harfini tushunmagan ham, chunki bu final-da. Nima sabab bo’lsa ham talab ko’p, lekin, chipta esa cheklangan. Nima qilish kerak? Bozorda qiymati $1400 bo’lgan chiptani sun’iy $70 narxda sotib viktorina, lotareya, ur-yiqit-tirik-qolgan-bilet-oladi, navbatda-3soat-tur degan mexanizmlar bilan taqsimlash kerakmi? Yo’q, narx shakllanishini talabgor va taklifga, erkin savdoga qo’yib berish kerak, tamom. Chiptalar sotilmay qolib ketmaydi, yoki haqiqatdan ham chiptaga bozor narxini to’lashga tayyorlar boradi, yoki chipta narxi tushadi (narx $1400dan $600ga tushdi). Bo’ldi, qolgan mexanizmlar esa velosipedni qayta ixtiro qilish va resurslarni (shu jumladan navbatga turishga ketgan inson ishchi soatini) isrof qilishga olib keladi.

Imtiyoz degan zaxarli so’z ham narx shaklanishiga va resurslarni adolatli taqsimlanishiga to’sqinlik qiladi.

@uzbekonomics