Get Mystery Box with random crypto!

QAYNONAM — ONAM YOXUD QAYNONASIZ YASHASH ERKINLIKMI? ​Hozirg | Afifa

QAYNONAM — ONAM YOXUD QAYNONASIZ YASHASH ERKINLIKMI?

​Hozirgi kunda juda ko'p qizlar erkin yashashni xohlashadi. Ular uchun erkinlik bu — qaynota-qaynonasiz yashash!

Menimcha, unday emas! Qizlar o'z onglarida shunday tushunchani paydo qilib olishgan. Ular erkinliklarini shu mezon bilan o'lchashadi. Aslida-chi?! Qaynota-qaynona bilan yashashlik saodat,ne'mat

1. Xohlaymizmi,yo'qmi ilk kun/hafta/oy davomida uyat hissi bo'ladi. Bu nafsni ancha sokin qilib qo'yadi: masalan, kam uxlaysiz, kam yeysiz, kam gapirasiz!

2. Ko'plab savobga ega bo'lish! Mo'minning og'irini yengil qilish, unga quvonch ulashishning tayyor imkoniyati.

3. Hayot tajribalarini o'rganish! Ularning ko'p yillik hayotlari davomidagi ko'rgan-kechirganlaridan ulkan saboqlar olish. (Men uchun bir inson bir kitobdir)

4. Ilm davrasi! Agar har qancha ular ilmsiz bo'lsa-da, ularning psixologiyasini anglab olsangiz, ular bilan foydali suhbatlar olib bora olasiz! Buning uchun sizda inson qalbini anglash ilmi bo'lishi lozim. Ular uchun qiziqarsiz mavzularni ham qiziqarli va hayajonli ilmiy suhbatga aylantira olasiz!

5. Turmush o'rtog'ingizning cheksiz muhabbati! (kamida hurmati) Oila a'zolarini o'zining oila a'zolaridek qabul qilgan ayolni eng toshbag'ir er ham yaxshi ko'radi.

Bu qatorni davom ettirish mumkin... ammo tanganing ikkinchi tomoniga qarasak:

Zulm! Aksariyat qaynonalar kelinlariga zulm qilishadi. Bu jarayonda sizdan talab qilinadigani: isyon emas! Sabr va duo! Eng qiyin paytlarda ham go'zal axloq!

Ayollar sabrsiz, noshukr bo'lib ketishlarining boisini ularning sunnatlardan uzoq ekanliklari bilan asoslash mumkin.

Chunki, sunnatlarni bilgan, ularga ergashgan kishini johil kishi ham yaxshi ko'rib qoladi.
Axir, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni unga zarar berish uchun kelganlar ham suyib, hatto iymon keltirib qo'yishardi.

Bizda fazilatli, muhim sunnatlar unutilgan (Tabassum, hadyalashish, tortishuvni tark etish...)

Men o'qigan tarixiy kitoblarning 2 tasida kelgan voqea haqida qisqacha:

1. Bir ayol muftiydan kelib, eri uning namoz o'qishini yoqtirmasligini, ayol esa eridan berkinib, hammomda namoz o'qishini aytadi. Va bu namozim qabulmi, deb so'raganlarida muftiy janoblari yig'lab yuboradilar va deydilarki: "Toki bizda shunday ayol-qizlar bor ekan, bu ummat hali qulamaydi"

2. SSSR davrining bir kishisi dinning ashaddiy dushmani bo'lib, uning ayoli muslima bo'ladi. Agar qachon eri uni namoz o'qiyotganini, ibodatda ekanini ko'rsa ayovsiz kaltaklar ekan! Ayol namozlarni imo-ishora ila ovqat tayyorlagan holatda ado etarkan. (Fiqhiy jihatdan namoz durust emas, ammo ularning ixlosi bizlarning oddiy amallarimizdan ancha ziyoda bo'lgan) Yakunida ayolning eri iymonga keladi.

Sabring, duoing shunchaki shamollarga uchib ketadi deb o'ylaysanmi?!

Senga bu qadar zulm qilinmas-ku, axir?!

Ne'matni qadrlash ham, uni his etish ham alohida bir ne'mat.

Sizning ustingizda eringizning haqqi buyukroq bo'lsa, eringizning ustida onasining haqqi buyukroqdir. Siz eringizni rozi qilishingiz shart bo'lsa, eringiz ota-onasini rozi qilishi xuddi shunday shart. Va bu mezonni buzishga urinish Allohning adolatiga, Rosulullohning sunnatlariga qarshi chiqishdir.

Ey muslima dindoshim, qalbingizni pokroq, kengroq qiling! Butun dunyo dardi sizga yuklangandek tutmang, o'zingizni! Siz ham ularning o'rniga o'tasiz— o'sha kunni unutmay yashang!