Get Mystery Box with random crypto!

Link: Yarim tun. Chor atrof uxlaydi, Koʻkda jim kuzatar kes | Abdukarim Mirzayev | LIVE 🔴

Link:



Yarim tun. Chor atrof uxlaydi,
Koʻkda jim kuzatar kesik oy.
Tushlarim olisni yoʻqlaydi,
Oʻziga tortadi tuqqan joy.

Kezaman qishlogʻim oralab,
Tanishdir har bir uy, har bir tosh.
Nuragan devordan moʻralab,
Ovozsiz yigʻlayman, koʻzim yosh.

Oʻksik qalb zarbimi, bilmayman,
Yo uzun yillarning zalvori,
Uyimiz koʻrinar mungʻaygan,
Toʻkilib ketibdi ohori...

Shamshoddek oʻrikning hovlida,
Toʻmtaygan kundasi qolibdi..
Sersoya tollarning holi-da,
Ul mashʼum oʻrikdek boʻlibdi...

Ayriliq zoʻridan koʻpchigan,
Koʻksimga bosgancha qoʻlimni,
Yuraman, qadamim koʻp chigal,
Odimlar topmasdan yoʻlimni...

Shoshaman, onamni bir koʻray,
Bir lahza choʻkayin poyiga..
Titragan qoʻllarin bir suray,
Koʻzimga, bir toʻyay boʻyiga...

Aksiga olgancha tushim ham,
Koʻp koʻrar men zorga onamni..
Uygʻonib ketgancha, toʻshimdan,
Otaman boʻgʻilgan nolamni...

“Ayajon!”.. Koʻtarmay tovushim,
Yostiqqa bosaman yuzimni..
Muzlagan badanim uvushib,
Jonsiz his etaman oʻzimni...

Ustoz Sayfulloh Nosir