Get Mystery Box with random crypto!

“Yashamoq”ni o‘qimay o‘lmang! Shunday kitoblar borki, ular | ABDUKARIM MIRZAYEV | Расмий канал

“Yashamoq”ni o‘qimay o‘lmang!

Shunday kitoblar borki, ular haqida ko‘p gapirib o‘tirishga ham hojat yo‘q, aslida. Shunchaki olib, o‘qish kerak! Chunki ich-ichingda kuchli zilzila sodir bo‘layotganini his etish baribir boshqacha...

Ayniqsa, kunda-kun ora yangi kitoblar chiqib turgan bir paytda mutolaa radaringizga bunday kitobning tushib qolishi chinakam baxt!

Avval boshdayoq aytib qo‘yay: ushbu asarni o‘qib bo‘lgach, “Men bir kitob o‘qidim!”, demaysiz. “Men bir hayot yashadim!”, deysiz! Bu shunday hayotki, unda baxt va huzn, boylik va qashshoqlik, hayot va o‘lim, do‘stlik va dushmanlik yonma-yon...

Asar xuddi o‘zbek tilida yozilganday. Ilk satrlardanoq ichiga tortib ketadi. Jumlalar ham sodda. Balandparvozlik, jimjima, adabiy oliftagarchiliklardan holi. Uzundan uzun ta’riflar-u tavsiflar yo‘q. O‘qir ekan, xuddi yaqin insoningizdan hikoya tinglayotganday bo‘lasiz.
Qo‘lingizdan qo‘ya olmaysiz!
Chinakamiga unda yashaysiz!
Sahifalar suvday oqadi, ammo ichingizni yoqadi…

O‘qishdan to‘xtaganda ham bemalol yig‘lab olish uchun, bazo‘r tutib turilgan ko‘z yoshlaringizni o‘z holiga qo‘yib berish uchun, hayajon tiqilib qolgan yuragingizga biroz nafas berish uchun to‘xtaysiz!

Bu borada shu qadar iddaolimanki, agar salkam 300 sahifalik bu kitobni bir yoki uzog‘i ikki kunda o‘qib bitira olmasangiz, qo‘lingiz yoqamda bo‘lsin! Mayli, roziman!

Aytgancha, bu asar chop etilar-etilmas, taqiqqa uchragan. Keyin u asosida film suratga olingan. Biroq ko‘p o‘tmay, film ham taqiqlangan. Lekin uni yo‘qotmoqchi bo‘lganlar, aslida, olovni xashak bilan yopishga urinishganini qayoqdan ham bilishsin?! Chunki roman qisqa fursat ichida dunyoning yigirmadan ortiq tiliga tarjima qilindi. Ne baxtki, o‘zbek tiliga ham!

Xo‘sh, u nima haqida?
Ba’zan bir xato butun umrga badal bo‘ladi.
Ba’zan xato deb o‘ylaganing senga umr beradi!
Lo‘nda qilib aytganda, asar shu haqda. Ammo unda butun umr o‘ylashga arziydigan hayot hikoyalari bor!

Kitobning nomi “YASHAMOQ”. Ammo nomi “Yashamoq” bo‘lsa-da, ichida bunchalar ko‘p o‘lim roʻy bergan bunday dramani shaxsan men hali o‘qimagandim.

Sizga aytar so‘zim esa shu:
“Yashamoq”ni o‘qimay yashamang!
“Yashamoq”ni o‘qimay o‘lmang!

Men esa yana qaytib kelaman!

Otabek Tillayev


Kitob BUGUNdan sotuvda!!!
Xarid uchun:

@huzurkitoblari