Get Mystery Box with random crypto!

Zo‘r-a?! Shu desangiz, mening bir kitobdan qarzim bor. Ha, to | ABDUKARIM MIRZAYEV | Расмий канал

Zo‘r-a?!

Shu desangiz, mening bir kitobdan qarzim bor. Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz: bir kitobdan qarzim bor. Anchadan beri shu qarzimni uzolmay kelyapman. Bugun sizlarning guvohligingizda gardanimdagi shu qarzdan qutulsam, nima deysizlar?

Yaxshi eslayman: yoshligimda qishlog‘imizdagi kutubxonachi opalarga rosa havas qilardim. Hayot, hayot shularniki-da deb! Istagan payti maza qilib kitob o‘qiydi, buning ustiga, oylik ham oladi! Zo‘r-a?

Ammo yoshim ulg‘ayib, kitob sohasiga kirganimdan beri muharrirlarga ham havas ko‘zi bilan qaraydigan bo‘ldim. Har bir kitobni ipidan ignasigacha ko‘rib chiqadi. Ishining ustasi bo‘lsa, otning kallasidek moyana ham oladi.

Xullas, qo‘limga nashr etilishi kerak bo‘lgan navbatdagi kitobni berishdi: qarasam, nomining o‘ziyoq “Meni o‘qi!” deb turibdi. Muqovasiga-ku ko‘ngil ketdi. Bir kitob mohiyatini aks ettirish uchun bundan ortiq nom va muqova bo‘lishi mumkin emasdek, nazarimda.

Darrov o‘qishga tutindim, tili sodda, o‘qishli ekan. Sho‘ng‘ib ketibman, bir payt qarasam, 100-betda yuribman...

Turklar bunday kitoblarni “akıcı” deyishadi.
Kitob oqizib ketdi meni ham...
“Sürükleyici” deyishadi.
Kitob sudrab ketdi meni ham...
“Nafassiz o‘qiladigan asar”, deyishadi.
Men ham nafas olishni esimdan chiqarib qo‘yayozdim…
Bitirmaguncha qo‘limdan qo‘yolmadim, o‘qiyverdim...

Ishonasizmi, bir kunda, ya’ni kechgacha bitirdim-qo‘ydim. Bitirishga bitirdim-u, ammo tugab qolganiga xafa bo‘ldim. Haligi, radioda sevgan qo‘shig‘ingiz kutilmaganda yangrab qoladi va endi maza qilib qilib eshitaman deganingizda tugab qoladi-ku, xuddi shunday bo‘ldi o‘ziyam. O‘qib bo‘lib ham yana bir marta mutolaa qilish istagi tug‘ildi qalbimda...

Bir bezori yigitning Allohni tanish hikoyasini anglatgan bu kitobning uslubi dilga juda yaqin. Xuddi o‘zbek tilida yozilganday. Eng muhimi, vaqtingizni o‘ldirmaydi, qalbingizga huzur baxsh etib, hidoyat yo‘lida yanada sobitqadam bo‘lishga undaydi.

Gapim avvalida bu kitobdan qarzim bor, degandim. Aslida, hamma yaxshi kitoblardan qarzimiz bor va bu qarzni hech qachon uza olmasak kerak. Ammo shaxsan men butun umr kitoblardan qarzdor bo‘lib yashashga roziman.

Siz-chi?

PS: Aytmoqchi, bu kitob yaqinda “Huzur” nashriyoti tomonidan chop etildi. Qaysi kitob deb, meni so’roqqa tutganda ko‘ra, ushbu post ostida + qoldirsangiz kifoya: kitobning o‘zi Sizni topib keladi.

Men esa yana qaytaman!

Otabek Tillayev

@huzurkitoblari