Get Mystery Box with random crypto!

Yashirib nima qildim. Yig‘lavordim… Qiziq bo‘ldi. O‘zi har d | ABDUKARIM MIRZAYEV | Расмий канал

Yashirib nima qildim. Yig‘lavordim…

Qiziq bo‘ldi. O‘zi har doim qiziq bo‘ladi-da. Ammo bu safargisi chindan ham qiziq bo‘ldi. Jamoamiz bilan nashr uchun yangi kitob tanlar ekanmiz, katta tavakkal bilan yangi bir ishga qo‘l urdik. Bu ish bilan bog‘liq “ilk”lar ko‘p, aslida.

Hammasi haqida batafsil keyinroq, albatta…

Xullas, mualliflik huquqi muzokaralaridan so‘ng, kitobni tarjimonimizga berdik. Odatda, tarjimonlarimizdan ish qanday ketayotgani haqida ora-orada xabar olib turamiz.

Bu safar esa tarjimonimiz hali aloqaga chiqmasimizdan burun asarni yo‘llab qoldilar. Ilk gaplari esa shu bo‘ldi: “Tarjima jarayonida ko‘zimga yosh keldi. Ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lagan paytlarim ham bo‘ldi…”.

To‘g‘risi, kitobning ta’sirli ekanidan xabarim bor edi, ammo bu qadarini, ochig‘i, kutmagandim. Shunchalikmikan-a?

Bu birinchisi bo‘ldi...

Tarjima ishlari yakunlangach, asarni muharririmizga berdik. Muharririmiz esa negadir ancha hayallab ketdilar. Ha, desam, “To‘g‘risi, yig‘layverib, tahrirlashga kuch topa olmayapman”, dedilar.

Orada bir yana xabar oldim. Bu gal biroz ochiqlamali javob keldi: “Maza qilib, yig‘lab-yig‘lab tahrirlayapman… Oddiy hayot kechirish eng to‘g‘risi, menimcha. U bilan janjallash, bu bilan kurash deb, natijada o‘z hayotingni qo‘ldan chiqarib qo‘yasan… Rosa yig‘ladim, shuning uchun ham har gal tahrirlashga kuch topa olmay qoldim… Yaqinda jo‘nataman…”.

Bu ikkinchisi bo‘ldi...

Aslida, yana bir satrboshidan keyin “Bu uchinchisi bo‘ldi” deb ushbu kitobning ilk o‘quvchisi bo‘lgan siz-u bizga qadrdon bir akamizning fikrlarini keltirmoqchi edim. Ammo tez orada hammasini o‘z og‘izlaridan eshitasizlar, inshaalloh…

Nihoyat, asar nashridan oldin o‘zim ham o‘qib mutolaaga tutindim. Ish taqozosi va ko‘ngil mayli bilan ko‘p kitob o‘qiyman, ammo oxirgi marta qachon bu qadar berilib, sho‘ng‘ib ketganim, qachon bu qadar qattiq ta’sirlanganim esimda yo‘q. Ishonasizmi, o‘zimni tutishga har qancha urinmay, ko‘zimdan tirqirab yosh chiqib ketaverdi…

Atrofimdagilar yig‘lab o‘tirganimni ko‘rib hayron bo‘lmasinlar deya kitob bilan yuzimni to‘sishga urinar ekanman, ko‘nglimdan nuqul bir xayol o‘taverdi:

“Rost aytishgan ekan… Rost aytishgan ekan…”.


Shunday qilib, Azizlarim, “Huzur” nashriyoti Sizga yana bir MUSHTASHAM asarni taqdim etish arafasida!

So‘zim oxirida esa faqat bir narsa deyishim mumkin: agar ushbu kitobni yig‘lamay, boring ana, ta’sirlanmay o‘qiy olsangiz, har ehtimolga qarshi, chap ko‘ksingizni bir paypaslab qo‘yavering…

Men esa hali yana qaytaman!

Otabek Tillayev

@huzurkitoblari